Farg‘ona viloyati Xalqaro BRICS konsorsiumi hamda Pandora kompaniyasi vakillari bilan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi. Farg‘ona viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda viloyatning investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 24 noyabr kuni Xalqaro BRICS konsorsiumi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi moliyaviy-sanoat va investitsiya siyosati kengashi a’zosi Yelena Galibina hamda Pandora kompaniyasi vakili Dmitriy Primak bilan uchrashdi.
Muzokaralarda BRICS davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek Pandora kompaniyasi bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Konsorsium vakillari Farg‘ona viloyatida uning vakolatxonasini ochishni taklif etdi. Mahalliy korxonalarning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish va viloyat eksport salohiyatini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Xayrullo Bozorov ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Viloyatda faoliyat boshlashdan manfaatdor investorlar uchun zarur sharoitlar yaratilishi hamda amaliy yordam ko‘rsatilishi qayd etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha keyingi choralarni kelishishga kelishdi.





