O‘zbekiston va Janubiy Koreya uglerod birliklari savdosi bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan loyiha uchun 8,5 million AQSh dollari grant jalb qildi. Dastur Parij bitimi doirasidagi hamkorlik, o‘quv markazi va emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha pilot tashabbuslarni qamrab oladi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya uglerod savdosi bo‘yicha uchrashuvi
Matn

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida uglerod birliklari savdosini yo‘lga qo‘yish hamda Parij bitimi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun 8,5 million AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘i jalb etildi. Mablag‘ Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning texnik ko‘magi bilan Global yashil o‘sish instituti (GGGI) hamkorligida amalga oshiriladigan loyihaga yo‘naltiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev 25 noyabr kuni KOICA va GGGI vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralarda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kim Myong Jin, GGGIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Stella Seung Yeon Lee hamda tashkilotlarning mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayoni, shuningdek, uglerod birliklari savdosining me’yoriy va institutsional asoslarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida ikki mamlakat o‘rtasida uglerod birliklari savdosini tashkil etish tartib-taomillari, qo‘llanmalar va qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Dastur uglerod loyihalarini tayyorlash va boshqarish bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitadigan maxsus o‘quv markazini tashkil etishni ham nazarda tutadi. Markazni zarur jihozlar bilan ta’minlash, ta’lim dasturlarini ishga tushirish hamda qishloq xo‘jaligi, energetika va suv resurslari sohalarida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish belgilangan.

2025 yilda KOICAning moliyaviy ko‘magida GGGI tomonidan Orolbo‘yida yashil tiklanish investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Ushbu tashabbus Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va yashil investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qilgan.

LIVEKunning xabarlari