O‘zbekiston Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yengillashtirishni muhokama qildi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish va ularni mintaqaviy bozorlarga yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Yanvar-sentyabrda o‘zaro tovar ayirboshlash 1,38 milliard dollarga yetdi.

Davron Vahabov va Afg‘oniston elchisi Abdul G‘affor Taraviyning uchrashuvi
Matn

O‘zbekiston Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini yengillashtirish hamda bu mahsulotlarni Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu masala O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning Afg‘onistonning Toshkentdagi elchisi Abdul G‘affor Taraviy bilan uchrashuvida ko‘tarildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, o‘zaro biznes missiyalari hamda tashriflar natijalarini muhokama qildi. Uchrashuvda hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish, biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish va savdo to‘siqlarini bartaraf etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash 1,38 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekistondan Afg‘oniston bozoriga eksport uchdan birga oshib, 1,19 milliard dollarga yetdi, Afg‘onistondan import esa 47 foizga ko‘payib, 192,7 million dollar bo‘ldi.

Muzokaralarda Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mazkur mahsulotlarni Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishga ko‘maklashish masalasi muhokama qilindi.

Vahabov va Taraviy 30 noyabrdan 5 dekabrgacha Toshkentda o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekiston — global savdo chorrahasi” xalqaro forumiga tayyorgarlikni ham muhokama qildi. Forumda Afg‘onistonning to‘rt viloyati rahbarlari va 300 dan ortiq tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda.

Savdo-sanoat palatasi avvalroq Afg‘onistonda yetishtirilgan kartoshkani O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish boshlanganini ma’lum qilgan edi. Kartoshka Vahabov tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma loyiha doirasida Bamiyon viloyatida yetishtirilgani bildirilgan.

LIVEKunning xabarlari