Oʻzbekiston va Better Cotton Initiative (BCI) xalqaro tashkiloti paxta-toʻqimachilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqaro standartlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Oʻztoʻqimachiliksanoat uyushmasi maʼlumotiga koʻra, bu masalalar Toshkentda boʻlib oʻtgan BCI’ning beshinchi yillik muloqotida ko‘rib chiqildi.
“Erishilgan natijalardan amaliy harakatlarga: Oʻzbekiston paxta sektorini mustahkamlash” mavzusidagi tadbirda Better Cotton bosh operatsion direktori Lena Staafgard boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Muhokamalarga tegishli vazirliklar, Oliy Majlis Senati, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, Oʻztoʻqimachiliksanoat uyushmasi, paxta-toʻqimachilik klasterlari va toʻqimachilik korxonalari vakillari ham qoʻshildi.
Ishtirokchilar paxta-toʻqimachilik tarmogʻidagi islohotlar, xalqaro standartlarni joriy qilish va barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirishni muhokama qildi. Kun tartibidan munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari ham o‘rin oldi.
Uchrashuvda BCI dasturining Oʻzbekistondagi qamrovi kengaygani ijobiy baholandi. Tashkilotchilar maʼlumotiga ko‘ra, joriy yilda dastur ishtirokchilari soni ikki baravar oshgan. Shuningdek, sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish va xalqaro standartlarni milliy tizimga integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalasi alohida muhokama qilindi.
Better Cotton Initiative 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va 2,5 milliondan ziyod fermerni birlashtiradi. Dastur Oʻzbekistonda 2022 yildan beri rasman amalga oshirilmoqda, tashkilotning milliy vakolatxonasi esa 2023 yilda mamlakatda ochilgan.





