Xitoyda sanoat foydasi sun’iy intellekt va energiya hisobiga tezlashdi

Xitoyning yirik sanoat korxonalari foydasi oktabrda yillik hisobda 20,1 foizga oshdi. O'sish sun'iy intellekt bilan bog'liq tarmoqlar va xomashyo ishlab chiqaruvchilarida jamlangan bo'lsa, iste'molga yo'naltirilgan sohalardagi yo'qotishlar kuchaydi.

Xitoyda sun'iy intellekt bilan bog'liq ishlab chiqarish qo'llab-quvvatlagan sanoat foydasi
Matn

Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko’ra, yirik sanoat korxonalarining foydasi oktabrda o’tgan yilning shu oyiga nisbatan 20,1 foizga oshdi. Yanvar-oktabr davrida sanoat foydasi yillik 16 foiz o’sdi, sentabr yakunidagi ko’rsatkich esa 15,5 foiz edi. Ma’lumotlar uch yillik pasayishdan keyin 2026 yilda sezilarli tiklanish kuzatilayotganini ko’rsatmoqda.

O’sishga sun’iy intellekt sarmoyalari bilan bog’liq elektronika ishlab chiqarishi hamda energiya narxlarining ko’tarilishi turtki berdi. Milliy statistika byurosi bosh statistigi Yu Weiningning aytishicha, sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatiga talab xotira chiplari va ular bilan bog’liq ishlab chiqarishni qo’llab-quvvatladi, natijada elektronika sohasining dastlabki 10 oydagi foydasi o’tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar oshdi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishdagi foyda 50,9 foizga, kosmik apparatlar va uchirish vositalari ishlab chiqaruvchilarida esa 63,2 foizga ko’paydi.

Qayta tiklanadigan energiya va sun’iy intellekt bilan bog’liq talab mis hamda alyuminiy narxlarini oshirib, xomashyo ishlab chiqaruvchilari foydasini ham ko’tardi. Neftni qayta ishlovchi korxonalar bir yil avvalgi zarardan keyin umumiy foydaga chiqdi. Biroq ichki talabning sustligi iste’molchilarga xizmat qiluvchi ishlab chiqaruvchilarga bosim o’tkazdi, chunki ular oshgan xarajatlarni narxlarga yetarli darajada o’tkaza olmadi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchilarining foydasi dastlabki 10 oyda 26 foizga kamaydi. Uzoq davom etayotgan ko’chmas mulk inqirozidan zarar ko’rayotgan sement, shisha va mebel ishlab chiqaruvchilari foydasi mos ravishda 46,7 foiz va 52,4 foizga tushdi. Rasmiy ma’lumotlarda debitor qarzdorlik va tayyor mahsulot zaxiralari tushumdan tezroq o’sgani qayd etildi; bu holat turli sohalardagi korxonalar bosim ostida ekanini ko’rsatadi.

Economist Intelligence Unit katta iqtisodchisi Tianchen Xu yuqori ko’rsatkichga qaramay, tiklanish korxonalar foydasining barqaror va keng qamrovli yaxshilanishiga hali aylanmaganini aytdi. Uning fikricha, o’sish asosan energiya narxlari yuqorilashidan foyda ko’rgan yuqori bo’g’in tarmoqlar hisobiga yuz berdi. Oktabrda chakana savdo kutilganidan past, 0,4 foizga o’sdi, asosiy kapitalga investitsiyalardagi pasayish esa dastlabki 10 oyda 8,1 foizga chuqurlashdi.

Capital Economicsning rasmiy ma’lumotlar o’rniga yuk va port harakati kabi ko’rsatkichlardan foydalanadigan China Activity Proxy indeksiga ko’ra, umumiy faollik oktabrda yillik 2,4 foizga o’sdi. Muassasaning Xitoy bo’yicha katta iqtisodchisi Leah Fahy o’sish kuchli tashqi talab va eksport bilan ta’minlanganini, ichki bozor uchun ishlab chiqarish esa sust qolganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy hukumatlarning fevraldan beri ilk bor fiskal xarajatlarni oshirgani ko’chmas mulkdagi pasayishni to’xtatish va ichki talabni jonlantirishga kam ta’sir ko’rsatdi.

Dastlabki uch chorakdagi 4,6 foizlik YaIM o’sishi Pekinning yillik 4,5-5 foizlik maqsadiga erishish imkonini kuchaytirdi. Biroq Fahy global sun’iy intellekt sarmoyalari sekinlasa, eksportning o’sishga tayanchi zaiflashishini kutmoqda. Uning hisobiga ko’ra, umumiy iqtisodiy o’sish kelgusi yilda 2,8 foizgacha pasayadi, 2025 yilda esa 3,9 foiz bo’lgan. AQShning Xitoy tovarlari uchun 20 foizlik asosiy stavkani hamda ayrim Osiyo iqtisodiyotlari uchun qo’shimcha jazo stavkalarini o’z ichiga olgan yangi boj takliflari ham savdo uchun xavf tug’dirmoqda; agar sulh yanvardan keyin uzaytirilmasa, bojlar 40 foizga ko’tarilishi aytilgan.

LIVEKunning xabarlari