O‘zbekistonda to‘qimachilik korxonalariga kredit va eksport bo‘yicha yangi yengilliklar beriladi

Yengil sanoat korxonalari uchun kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish muddati uzaytiriladi, ayrim xarajatlar qoplanadi va eksport tushumlarini olib kirish muddati kengaytiriladi. Choralar paxta klasterlari hamda banklar balansiga o‘tgan yirik to‘qimachilik korxonalariga ham taalluqli.

O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonasida ishlab chiqarish jarayoni
Matn

O‘zbekistonda yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi. Prezident qaroriga ko‘ra, investitsiya loyihalari va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun olingan kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish muddati 36 oyga uzaytiriladi. Korxonalarga kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismi ham qoplanadi.

2028-yil 1-yanvargacha eksport tushumlarining kelib tushish muddati 365 kungacha uzaytiriladi. Shu davrda to‘lovlar kechiktirilgani uchun jarimalar va cheklovlar qo‘llanilmaydi.

Xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar ham 2030-yil 1-yanvargacha davom ettiriladi. Banklar qarzdorlik evaziga balansiga o‘tgan, qiymati 15 million dollardan ortiq to‘qimachilik korxonalarini 10 yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan yagona mulkiy majmua sifatida sotishi mumkin bo‘ladi. Yangi investorga sotilgunga qadar ularga ishlab chiqarishni tiklash va eksportni rivojlantirishga ruxsat beriladi.

Faoliyat yuritayotgan paxta klasterlari uchun ham kreditlarni qaytarish muddati uzaytiriladi: 2022–2023-yil hosili bo‘yicha 3,2 trillion so‘mlik qarzlar to‘lovi 2028–2029-yillarga ko‘chiriladi, 2025-yil hosili bo‘yicha 1,2 trillion so‘mlik qarzni esa 2027-yil 1-martgacha teng qismlarda to‘lash mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston jahon paxta ishlab chiqarishining 2 foizini ta’minlaydi.

LIVEKunning xabarlari