O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev talab ortib borayotganini hisobga olib, mamlakatdagi yuk vagonlari parki har yili 5–6 ming donaga ko‘paytirilishi kerakligini ta’kidladi. «O‘zavtoyo‘l» ilmiy-amaliy markazida transport va logistika sohasidagi biznes vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur yo‘nalishdagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi.
Import qilinadigan vagonlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Mahalliy vagonlarni xalqaro yuk tashuvlarida taqdim etishda ham nol stavkali QQS qo‘llanadi.
Tashuvchilarning temiryo‘l liniyalaridan foydalanganlik uchun to‘lovi 20 foizga pasaytiriladi. Bundan tashqari, Jahon banki ekspertlari bilan birgalikda temiryo‘l tarmog‘i uchun yangi tarif siyosatini ishlab chiqish topshirildi. U kelgusi yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda.
Har bir yo‘nalish uchun yuk tashish bo‘yicha yangi to‘lov tizimi joriy qilinadi. Unda temiryo‘l liniyalari, lokomotivlar va vagonlardan foydalanish tariflari alohida ko‘rsatiladi. Prezident iyul oyida temiryo‘l tashuvlari o‘sishi sharoitida mahalliy kompaniyalarning yuk vagonlariga ehtiyoji borligini qayd etib, hamkor mamlakatlardagi 10 ming bo‘sh vagonni olib kirish bo‘yicha hisob-kitoblarni zudlik bilan tayyorlashni topshirgan edi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov sentyabr oyida yuk vagonlari sonini ko‘paytirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha ehtiyoj ishlab chiqaruvchilar va savdo ishtirokchilarining so‘rovlari, shuningdek, mavjud vagon parkining eskirgani bilan bog‘liq.





