O‘zbekiston Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan yirik quruqlik portiga aylanish uchun transport-logistika yo‘nalishida yangi vazifalarni belgiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni soha investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvda mamlakatda buning uchun barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘rta yo‘lak imkoniyatlaridan hozircha to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Mas’ullarga elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha Ozarbayjon, Turkmaniston va Gruziya bilan kelishuvlarni yakunlash topshirildi.
O‘zbekistondan Hazar dengizi, Qora dengiz, Sharqiy Xitoy dengizi hamda Boltiqbo‘yi davlatlari portlariga blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi. Tadbirkorlarni ushbu qatnovlar haqida xabardor qilish ham topshiriqlar qatoridan o‘rin oldi.
Yuk vagonlariga talab yildan yilga oshib borayotgani sababli vagonlar parki har yili 5–6 mingtaga ko‘paytirilishi zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda yuk vagonlari importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi, temir yo‘l liniyasidan foydalanish to‘loviga 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda QQSning nol stavkasi qo‘llanadi.
Prezident Jahon banki bilan hamkorlikda temir yo‘l sohasi uchun yangi tarif siyosati ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Uni 2027-yildan boshlab bosqichma-bosqich tatbiq etish topshirildi. Kelgusi yildan har bir yo‘nalish bo‘yicha temir yo‘l liniyasidan foydalanish, lokomotiv va vagon uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladigan tizim joriy etilishi kerak.





