Germaniya Federal majlisi — Bundestag uzoq muzokaralardan so‘ng 2027 yil federal budjetini qabul qildi. Qarorga ko‘ra, federal hukumat kelgusi yilda asosiy budjet doirasida qariyb 556 milliard yevro sarflashi mumkin. Bu 2026 yilga nisbatan qariyb 31 milliard yevrolik o‘sishni anglatadi. Ovoz berishda 317 deputat yoqlab, 260 deputat qarshi ovoz berdi.
Infratuzilma va iqlim neytralligi sarmoyalari, shuningdek Germaniya armiyasi — Bundesver uchun qarz hisobidan tuzilgan maxsus fondlar bilan birga, Germaniyaning 2027 yildagi jami yangi qarzi 210 milliard yevrodan oshishi kutilmoqda. Moliya vaziri Lars Klingbeil yangi qarz olishni “zarur, ammo achinarli” deb atadi. U CDU/CSU va SPD koalitsiyasi qabul qilgan maxsus fond bolalarning kelajagiga qaratilgan muhim sarmoya ekanini, 2028 yilda fuqarolarni kattaroq moliyaviy qiyinchiliklar kutayotganini bildirdi.
Mudofaa uchun muntazam budjetdan 109,7 milliard yevro ajratildi. Mudofaa vaziri Boris Pistorius armiya uchun tashkil etilgan maxsus fonddan qo‘shimcha 29,9 milliard yevro ishlatishi mumkin. Natijada 2027 yilda jami mudofaa xarajatlari 139,6 milliard yevroga yetishi rejalashtirilgan. 2026 yilda muntazam mudofaa budjetidan 82,7 milliard yevro va maxsus fonddan 25,5 milliard yevro, jami 108,2 milliard yevro ajratilgan edi. Mablag‘lar oshirilishi armiyani modernizatsiya qilish va jihozlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga qaratilgan.
Budjetdagi eng katta yo‘nalish Mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligiga tegishli bo‘lib, uning hajmi 200 milliard yevrodan oshadi. Ushbu mablag‘ning katta qismi pensiyalar hamda keksalik davridagi asosiy daromad yordami to‘lovlariga yo‘naltiriladi. Bundestag budjet bilan birga qo‘shimcha soliq qoidalarini o‘z ichiga olgan qonunni ham qabul qildi. Unga ko‘ra, 2027 yil boshidan elektr energiyasi solig‘i kilovatt-soatiga 2,3 sentga kamaytiriladi, 2028 yildan esa shakarli ichimliklarga shakar miqdoriga qarab litriga 25 dan 35 sentgacha soliq joriy etiladi va ayrim alkogolli ichimliklar soliqlari oshiriladi.
Qonun Iqlim va transformatsiya jamg‘armasidan (KTF) 2,7 milliard yevroni asosiy budjetga o‘tkazishga ham yo‘l ochadi. Qonuniy pensiya sug‘urtasiga federal badal uchun avval ko‘zda tutilgan 1 milliard yevrolik qisqartirish yana 3 milliard yevroga oshirildi. Klingbeil hozirda 25 milliard yevrolik budjet taqchilligi borligini, elektr solig‘i bo‘yicha chegirma 2027 yildan keyin ham saqlansa, bu ko‘rsatkich 30 milliard yevroga chiqishini aytdi. Muxolifat partiyalari budjet mazmuni bilan birga so‘nggi daqiqalarda ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilgan tayyorlash jarayonini ham tanqid qildi.





