Yevropa Ittifoqi mahalliy avtomobil sanoatini himoya qilish maqsadida gibrid avtomobillar importiga kvota joriy etadi. Yevropa Komissiyasi e’lon qilgan tartibga ko‘ra, chora Turkiya bilan birga ko‘plab eksportchi mamlakatlarga tatbiq etiladi va 1-dekabrdan kuchga kiradi.
Tartib Xitoy bilan oktabr oyida erishilgan kelishuv kuchga kirishi bilan qo‘llanadi. Qaror asosan xitoylik ishlab chiqaruvchilarning Yevropa bozoridagi tez o‘sishini cheklashga qaratilgan bo‘lsa-da, xalqaro savdo qoidalari sababli kvota tizimi faqat Xitoyga emas, gibrid avtomobil eksport qiluvchi boshqa mamlakatlarga ham tegishli bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqi manbalariga ko‘ra, Turkiyadan tashqari Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Marokash va Meksikadan gibrid avtomobillar importi ham kvota doirasiga kiritiladi. Ushbu mamlakatlar uchun belgilangan kvotalar mavjud savdo hajmini qoplaydigan darajada saqlangani, shu bois amaldagi savdo oqimida jiddiy o‘zgarish kutilmayotgani bildirildi.
Shu nuqtai nazardan, Turkiyaning hozirgi gibrid avtomobil eksporti yangi tartibdan ta’sirlanmasligi baholanmoqda. Yevropa Komissiyasi so‘nggi yillarda gibrid avtomobillar importining tez o‘sishi Yevropadagi ishlab chiqaruvchilarga bosim qilganini qayd etib, choralar mahalliy sanoatni himoya qilish uchun qabul qilinganini ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi xitoylik ishlab chiqaruvchilar arzon modellar orqali Yevropada sezilarli bozor ulushini egallaganini ta’kidlamoqda. Bryussel Xitoyni uzoq vaqtdan beri davlat yordami, demping amaliyotlari va boshqa nohaq savdo usullari orqali raqobatni buzishda ayblab keladi; elektr avtomobillarga qo‘shimcha bojlar joriy etilgach, xitoylik ishlab chiqaruvchilar gibrid avtomobillar eksportini oshirgani ortidan yangi choralar ko‘rildi.
Kvota dastlabki bosqichda 200 kun amal qiladi. Bu davrda Yevropa Komissiyasi doimiy tartiblarni tayyorlashi, keyin esa ular a’zo davlatlar tasdig‘iga taqdim etilishi nazarda tutilgan.





