O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada 1,5 milliard dollarlik loyihalarni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada qariyb 40 investitsiya loyihasini amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Aqabada AQSh bozoriga yo‘naltirilgan kiyim-kechak ishlab chiqarish klasteri ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlik loyihalari taqdim etilgan ko‘rgazma
Matn

O‘zbekiston kompaniyalari Iordaniyada qariyb 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Shavkat Mirziyoyev 24 noyabr kuni Iordaniya qiroli Abdulla II bilan muzokaralarda loyihalarning umumiy qiymati 1,5 milliard dollar ekanini ma’lum qildi va ularni tez fursatda amalga oshirishga sodiqligini bildirdi.

Muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Sanoat, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo sanoati, tibbiyot va ta’lim kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Abdulla II ning 2025 yil avgustida Samarqandga qilgan tashrifidan keyin O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo 80 foizga oshgani bildirildi.

Hukumatlararo komissiya va qo‘shma ishbilarmonlar kengashi ish boshladi, Toshkent va Amman o‘rtasida esa joriy yil iyunidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbari davlat mukofotlarini ham almashdi: Abdulla II O‘zbekiston prezidentiga Al-Husayn bin Ali ordenini topshirdi, Mirziyoyev esa Iordaniya qiroliga «Oliy darajali do‘stlik» ordenini taqdim etdi.

Tashrif doirasida tashkil etilgan «O‘zbekiston — Iordaniya» ko‘rgazmasida qo‘shma loyihalarning istiqbollari namoyish qilindi. Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida Smart Textile Cluster kiyim-kechak tikish klasterini yaratish rejalashtirilgan; unda Iordaniyaning Southern Garment Manufactuting kompaniyasi va O‘zbekistonning Bunyodkor Textile kompaniyasi hamkor bo‘ladi. Zelal Tekstil ishtirokida DNZ brendi ostida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, 2027 yil iyulidan AQShga yetkazib berishni boshlash mo‘ljallangan. Paxtakor Teks va Iordaniyaning Friends Apparel kompaniyasi ham AQSh bozori hamda MDH mamlakatlari uchun kiyim tikishni niyat qilmoqda.

To‘qimachilikdan tashqari, konchilik va geologiya, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, elektrotexnika, farmatsevtika, transport hamda mudofaa sanoati ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan. Ko‘rgazmada bazalt mahsulotlari, o‘g‘itlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari namunalari taqdim etildi.

LIVEKunning xabarlari