O‘zbekistonda Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi telekanallarga reklama roliklarining ovoz darajasi bo‘yicha belgilangan talablarni eslatdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, reklama uzib qo‘yilgan teleko‘rsatuvdan balandroq ovozda berilmasligi kerak, bu talab buzilgani uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Idora efirdagi reklamalarning haddan tashqari baland ovozi yuzasidan televideniye tomoshabinlaridan shikoyatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasi talablari yana bir bor eslatildi.
Ushbu moddaga muvofiq, reklama roligi va anonsning ovoz darajasi u uzib qo‘ygan teleko‘rsatuvning ovozidan yuqori bo‘lishi mumkin emas. Qo‘mita bu qoida reklama va dastur ovozi o‘rtasidagi farqni cheklashini qayd etdi.
Qo‘mita telekanallar, reklama agentliklari va bozorning boshqa ishtirokchilarini tomoshabinlar manfaatlarini inobatga olishga hamda qonunchilik talablariga rioya etishga chaqirdi. Zarurat tug‘ilganda idora mutaxassislari reklama ovozi darajasini tekshirishi mumkinligi bildirildi.
Qo‘mita avvalroq ko‘mir narxlarini tekshirish hamda uni aholi va budjet tashkilotlariga sotishda qonunchilik talablari bajarilishini nazorat qilish haqida ham ma’lum qilgan edi.





