Yo‘l qurilishi standartlariga polimer bitum va geotekstil kiritiladi

O‘zbekistonda 2027-yildan xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilishda polimer bitum hamda geotekstil texnologiyalaridan foydalanish majburiy bo‘lishi rejalashtirilgan. 2030-yilgacha 545 kilometr yangi temiryo‘l qurish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda yo‘l qurilishida polimer bitum va geotekstil texnologiyalari
Matn

O‘zbekistonda yo‘l qurilishi standartlariga polimer bitum va geotekstil texnologiyalarini kiritish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni transport-logistika sohasidagi investorlar va tadbirkorlar bilan uchrashuvda avtomobil va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.

Davlat rahbari: “Bizga bugun arzon qurilib, ertaga yana byudjetdan pul talab qiladigan yo‘l emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak”, dedi. Polimer bitumdan to‘g‘ri texnologiya asosida foydalanish yo‘lning xizmat muddatini 3–4 yilga uzaytirish, uning yuqori haroratga chidamliligini oshirish va takroriy ta’mirlash xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 2027-yil martidan 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yil yakunigacha ishlab chiqarish quvvatini kamida 100 ming tonnaga yetkazish topshirildi. Urganch-Xiva pulli yo‘lining asfalt-beton qoplamasida ilk bor qo‘llangan geotekstil materiali yuklamani teng taqsimlash, qoplamani deformatsiyadan saqlash va yo‘lning xizmat muddatini 4–5 yilga uzaytirishga xizmat qiladi.

Mutasaddilarga polimer bitum va geotekstil texnologiyalaridan foydalanishni yo‘l qurilishi standartlariga kiritish vazifasi qo‘yildi. Mazkur talab 2027-yildan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishda majburiy bo‘ladi, keyinchalik davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, 2030-yilgacha 545 kilometr yangi temiryo‘l qurish va Toshkent-Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi liniya barpo etish rejalashtirilgan.

LIVEKunning xabarlari