O‘zbekistonda beshta pulli yo‘l loyihasining qiymati 5,6 mlrd dollarga baholandi

Mamlakatda umumiy uzunligi 593 kilometr bo‘lgan beshta pulli avtomobil yo‘li loyihasi turli bosqichlarda amalga oshirilmoqda. Hududlarda yo‘l va ko‘priklar bo‘yicha tayyor DXSh loyihalari tadbirkorlarga taqdim etiladi.

O‘zbekistondagi pulli yo‘l loyihalari muhokama qilingan yig‘ilish
Matn

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “O‘zavtoyul” Ilmiy-amaliy markazida transport-logistika sohasidagi investorlar va tadbirkorlar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, unda yo‘l sohasiga investitsiyalarni jalb etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurilishiga qariyb 80 trln so‘m yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 7 ming kilometr yangi yo‘l qurildi, yana 125 ming kilometr yo‘l ta’mirlandi. Davlat rahbari yo‘l xo‘jaligiga yirik investitsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish zarurligini qayd etdi.

Hozirda umumiy uzunligi 593 kilometr bo‘lgan beshta pulli avtomobil yo‘li loyihasi turli amalga oshirish bosqichlarida turibdi. Ularning jami qiymati 5,6 mlrd dollarni tashkil etadi. Avgust oyida qiymati 2,2 mlrd dollar bo‘lgan Toshkent—Samarqand yangi yo‘li qurilishi boshlandi. Qiymati 1,6 mlrd dollar bo‘lgan Toshkent—Angren loyihasi bo‘yicha tender jarayoni ham yakuniga yetmoqda.

Prezident Toshkent—Chorvoq, Samarqand—Buxoro pulli yo‘llari va Taxtaqoracha dovoni orqali o‘tadigan tunnel uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashni yakunlash topshirig‘ini berdi. Jami 1,8 mlrd dollarlik ushbu uch loyiha imkon qadar tezroq investorlarga taqdim etilishi belgilandi. Xususiy sektorning kengroq ishtiroki 20 mlrd dollargacha mablag‘ jalb qilish imkonini berishi qayd etildi.

Yo‘l va ko‘priklarni davlat-xususiy sheriklik asosida qurish uchun hududlarda umumiy qiymati 4 mlrd dollar bo‘lgan 131 ta tayyor loyiha mavjud. Hokimlar bir oy ichida biznes vakillariga qurish, saqlash va boshqarish shartlarini nazarda tutuvchi bittadan ikkita yo‘l va ko‘prik loyihasini taqdim etishi kerak. Har bir loyiha tayyor texnik-iqtisodiy asos hamda yo‘l bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etishga ruxsat bilan birga taklif qilinadi.

LIVEKunning xabarlari