Qohirada gavjum aylanma yo‘lning Al Warraq tumanidan o‘tuvchi qismida ag‘darilgan yoqilg‘i sisternasi portladi. Portlashdan avval haydovchilarni sisternadan uzoqlashishga chaqirgan ikki erkak voqea joyida halok bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu ikki kishidan tashqari 29 kishi vafot etdi, 21 kishi jarohatlandi.
Halok bo‘lganlar orasida umumiy taksida bo‘lgan 14 kishi ham bor. Guvohlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari ko‘plab odamlar kechki tirbandlik paytida avtomobillari ichida yonib ketganini bildirdi. Omon qolgan Safwat Abdel Hafez manzarani “Bu qiyomat kunidek edi”, deya tasvirladi. Uning aytishicha, odamlar qochishga urinib, qichqirgan, boshqalar esa insonlarni qutqarishga harakat qilgan.
Tergovni olib borayotgan prokurorlar chorshanba kuni ehtiyotsiz haydash oqibatida hodisaga sabab bo‘lganlikda gumon qilinayotgan bir shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Prokuratura bayonotiga ko‘ra, uning avtomobili yoqilg‘i sisternasi bilan to‘qnashgan, shundan keyin sisterna ag‘darilib, portlagan.
Hodisa Misrda transport xavfsizligi siyosati yuzasidan tanqidlarni yana kuchaytirdi. Bundan uch haftadan kam vaqt avval Qohira janubida ikki poyezd to‘qnashib, 7 kishi halok bo‘lgan va 125 kishi jarohatlangan edi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, Misrda yo‘l-transport hodisalarida vafot etganlar soni 2025 yilda avvalgi yilga nisbatan 10,8 foizga oshib, 5 829 nafarga yetdi.
Al Warraqda yuz bergan fojiadan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilarni ogohlantirishga uringan ikki erkakning harakati e’tirof etildi, transport siyosati va nazoratlar bo‘yicha e’tirozlar ham yangradi. Taniqli huquq himoyachisi Negad Al Borai parlament a’zolarini hukumatni hisobdor qilishdagi muvaffaqiyatsizligi yoki imkoniyati cheklanganini ochiq tan olishga chaqirdi.





