Germaniyadagi kompaniya La-Mansh orqali odam olib o‘tish tarmoqlariga qayiq yetkazib berganmi?

Xalqaro surishtiruv MaRe Boote kompaniyasi La-Mansh orqali noqonuniy migrant tashish tarmoqlariga jihoz yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Kompaniya rahbari Marvin R. may oyida Germaniyada qo‘lga olingan.

La-Manshdagi odamlarni noqonuniy olib o‘tish surishtiruvida tilga olingan MaRe Boote logotipli puflama qayiq
Matn

Xalqaro media surishtiruvi Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerida faoliyat yurituvchi MaRe Boote kompaniyasi La-Mansh orqali Buyuk Britaniyaga odamlarni noqonuniy olib o‘tuvchi tarmoqlarga puflama qayiq, dvigatel va qutqaruv jiletlari yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhani kun tartibiga olib chiqdi. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadagi tergov guruhlari xulosalariga ko‘ra, kompaniyaning 35 yoshli bosh direktori Marvin R. La-Manshdagi faoliyatni yillardan beri nazorat qilayotgani aytilayotgan kurd kelib chiqishidagi klanlarga uzoq muddat yuz minglab yevrolik jihozlar yetkazib berganlikda gumon qilinmoqda.

Shubhalar 2025 yil yanvarida Fransiya shimolidan Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan puflama qayiqdagi o‘limdan keyingi tekshiruvlarda ham paydo bo‘ldi. Fojia yuz bergach, qayiq sohilga qaytishga majbur bo‘lgan va 20 yoshli suriyalik Suliman El Husayn halok bo‘lgan. Tergov hujjatlari hamda mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, gavjumlikda ezilib qolgan bo‘lishi taxmin qilinayotgan El Husaynning o‘limiga yurak va qon aylanish tizimi faoliyatining to‘xtashi sabab bo‘lgani baholanmoqda. Hodisa joyidagi qayiqda MaRe Boote logotipi aniqlangan.

Fransiyada berilgan hibsga olish orderi asosida may oyida Germaniyada ushlangan Marvin R. keyinchalik muayyan shartlar bilan qo‘yib yuborilgan. Hamm Oliy yer sudi qaroriga ko‘ra, uni yaqin orada Fransiyaga topshirish rejalashtirilgan. Fransiyada ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish aybi bo‘yicha ham ish qo‘zg‘atilishi mumkinligi aytilgan R. yuzasidan Germaniyada, jumladan odamlarni noqonuniy olib o‘tish faoliyatiga aloqadorlik gumoni bilan olib borilgan tergov Fransiyadagi sud jarayoni sabab vaqtincha to‘xtatilgan.

Tergov davomida olingan ma’lumotlar 2024 yil dekabridan 2026 yil boshigacha MaRe Boote mahsulotlari qo‘llangan hodisalarda kamida to‘rt kishi halok bo‘lganini ko‘rsatadi. Rasmiy organlar ma’lumotiga ko‘ra, Marvin R. jihoz yetkazib bergani ilgari surilayotgan tarmoqlar har yili o‘n minglab muhojirlarni La-Mansh orqali Buyuk Britaniyaga noqonuniy o‘tkazishda javobgar deb hisoblanadi. Parom va poyezdlardagi tekshiruvlar kuchaytirilgach, odam olib o‘tuvchilar 2020 yildan puflama qayiqlardan foydalana boshlagani, ayrim yillarda 40 mingdan ortiq muhojir dengizdan o‘tishda hayotini xavf ostiga qo‘ygani qayd etilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti faqat 2024 yilda ushbu xavfli safarda kamida 84 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Joriy yil noyabr o‘rtalarigacha qariyb 23 ming 500 kishi dengiz orqali Buyuk Britaniya sohillariga yetib kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 40 foizga kamdir. Kamayishga Buyuk Britaniya hukumatining odam olib o‘tuvchilarga qarshi qat’iyroq choralari va Marvin R.ning may oyidagi qo‘lga olinishi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligi baholanmoqda. Oksford universiteti migratsiya tadqiqotchisi Piter Uolsh Germaniyaning markaziy joylashuvi va Shengen hududining ichki chegaralarida nazorat yo‘qligi mamlakatni “qulay joyga aylantirganini” ta’kidladi.

LIVEKunning xabarlari