Germaniyada migratsiya tarixi bor aholi orasida kambag’allik xavfi ikki baravardan yuqori

Paritätischer Gesamtverband Federal statistika idorasi ma'lumotlari asosida tayyorlagan hisobot migratsiya tarixi bo'lgan guruhlarda kambag'allik barcha yosh toifalarida yuqoriroq ekanini ko'rsatdi. Bolalar va 65 yoshdan oshganlar orasidagi tafovut ayniqsa katta.

Germaniyada migratsiya tarixi bo'lganlar kambag'alligi haqidagi hisobot
Matn

Germaniyada migratsiya tarixi bo’lgan kishilar orasida kambag’allik xavfi bunday tarixi bo’lmaganlarga qaraganda ikki baravardan ko’proq ekani bildirildi. Paritätischer Gesamtverband Federal statistika idorasi ma’lumotlari asosida tayyorlagan “Migratsiya va kambag’allik hisoboti”ga ko’ra, muhojirlarning 27 foizi kambag’allik chegarasidan pastda yashaydi. Migratsiya tarixi bo’lmaganlarda bu ko’rsatkich 12 foizni, chet el fuqarolari orasida esa qariyb 34 foizni tashkil etdi.

Hisobotda kambag’allik migratsiya kelib chiqishiga ega kishilar uchun maktabgacha davrdan boshlab hayotning turli bosqichlarida davom etadigan tarkibiy noqulayliklar bilan bog’liqligi qayd etildi. Bolalar orasidagi tafovut yanada yaqqolroq: migratsiya tarixi bor bolalarda kambag’allik darajasi 33 foizga yetgan, boshqa bolalarda esa 8 foiz bo’lgan.

Hisobot mualliflari bandlik ham migratsiya kelib chiqishiga ega kishilarni kambag’allikdan yetarli darajada himoya qilmayotganiga e’tibor qaratdi. Ishlayotganlar orasida kambag’allik darajasi migratsiya tarixi bo’lganlarda 14 foiz, boshqalarda esa 7 foiz etib qayd qilindi. 65 yosh va undan kattalar guruhida migratsiya tarixi bor keksalarning 36 foizi kambag’allikka duch kelayotgani, boshqa guruhda esa bu ko’rsatkich 17 foiz ekani aytildi.

Hisobotda migratsiya kelib chiqishiga ega ayollarning ta’lim darajasi oshgan taqdirda ham kambag’allik xavfi yuqori bo’lib qolayotgani ta’kidlandi. Bunday oilalarning farzandlari uchun bolalar bog’chasidan joy topish qiyinroq ekani, o’quvchilarning litsey darajasidagi maktablarga o’tish ko’rsatkichi pastroq ekani hamda ayniqsa boshpana so’rayotgan bolalar ta’lim olishda to’siqlarga duch kelishi qayd etildi.

Mehnat bozorida xorijda olingan diplomlar va kasbiy malakalarning tan olinishi muhim muammo bo’lib qolmoqda. Paritätischer Gesamtverband raisi Katja Kipping diplomlarning tan olinmasligi, past ish haqi, yashash maqomidagi noaniqliklar va kundalik hayotdagi chetlatilish kambag’allikni chuqurlashtirishini aytdi. U kamsitishdan himoyani kuchaytirish, xorijiy diplomlarni tezroq tan olish va til kurslariga kirishni kengaytirishga chaqirdi. Germaniyada o’zi yoki ota-onasining ikkalasi 1950 yildan keyin mamlakatga ko’chib kelganlar migratsiya tarixiga ega deb hisoblanadi; daromadi mamlakatdagi median daromadning 60 foizidan past bo’lganlar kambag’al deb baholanadi.

LIVEKunning xabarlari