Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasiga besh investor qiziqish bildirdi

Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasini sotib olish bo‘yicha besh investor ariza topshirdi. EY nomzodlarning belgilangan talablarga, jumladan Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalariga tushmaganlik mezoniga mosligini tekshiradi.

Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasi
Matn

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan ma’lumot berdi. Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish arizalarini (EoI) qabul qilish 22-sentabrda boshlangan.

Savdolarni tashkil etish, marketing va axborot kampaniyasini olib borish uchun xalqaro konsalting kompaniyasi Ernst & Young (EY) jalb qilingan. Maslahatchi 23-oktabr kuni yakuniga qadar lot bo‘yicha besh investordan qiziqish arizalarini olgan.

Barcha da’vogarlar belgilangan mezonlarga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganiladi. Ushbu mezonlar qatorida Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalariga tushmaganlik talabi ham bor. Talablarga javob beradigan nomzodlar jarayonning keyingi bosqichi — majburiy takliflarni (Binding Offer, BO) yig‘ish bosqichiga taklif etiladi.

Yoqilg‘i quyish majmuasi Toshkentning Sergeli tumanida, Qumariq ko‘chasi bo‘ylab joylashgan. Obyektning umumiy maydoni 11 gektarni, bino va inshootlar egallagan maydon esa 6076 kvadrat metrni tashkil etadi. Ikkinchi bosqichga o‘tgan ishtirokchilarga jarayon tartibi bayon qilingan xatlar yuboriladi; maxfiylik to‘g‘risidagi kelishuv (NDA) tuzilgach, ular virtual ma’lumotlar xonasi hamda maslahatchining kompleks tekshiruv yakunlari bo‘yicha hisobotlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

LIVEKunning xabarlari