O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi sug‘orish loyihalari qurilish ishlari qiymati bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab kechikayotganini bildirdi. U bu haqda 11 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Hukumat soatida ma’lum qildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputati Imomnazar Tursunov 2026 yilga rejalashtirilgan bir necha investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlar hanuz boshlanmaganini ta’kidladi. U Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlaridagi sug‘orish infratuzilmasini rekonstruksiya qilish masalasini ko‘tardi. Xitoy Eksport-import banki ishtirokida 130 million dollar miqdorida moliyalashtirish nazarda tutilgan loyihalar bo‘yicha taqdim etilgan jadvalda bir so‘m ham o‘zlashtirilmagani qayd etilganini aytdi.
Xamrayevning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik dastlab CITIC va CAMC kompaniyalarini jalb etishni rejalashtirgan. Kompaniyalar qurilishni o‘z mablag‘lari hisobidan boshlashi, xarajatlar esa keyinchalik Xitoyning imtiyozli kreditlari hisobidan qoplanishi kerak edi. Biroq ular kutilganidan 10 yoki 20 foiz emas, balki ikki baravardan ham ortiq qimmat takliflar bergan. Vazirlik maqbul shartlarga erishish uchun bir yildan ortiq muzokara olib bordi, ammo natijaga erishilmadi.
Shundan so‘ng hukumat Xitoy tomoniga murojaat qilib, Xitoy Eksimbanki orqali belgilangan tartibda moliyalashtirish olishga harakat qildi. Vazirning aytishicha, bank loyiha va ekspertizani qariyb olti oy davomida ko‘rib chiqadi, keyin esa bir necha kompaniya orasidan pudratchi tanlanadi. Ushbu jarayonlarga yana qariyb bir yil ketdi. Uch kompaniya qatnashgan tenderda CITIC g‘olib bo‘ldi, biroq u ham dastlab ko‘zda tutilgan summadan 20 foiz yuqori narx so‘radi. Narxni pasaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagach, vazirlik Sinohydro bilan muzokaralarni boshladi. Kompaniya vakillari bilan navbatdagi uchrashuv 11 noyabr tongida, parlament majlisidan oldin bo‘lib o‘tdi.
Xamrayev qurilishni tezroq boshlash uchun oshirilgan narxga rozi bo‘linmasligini aytdi. “Agar ishlarni tezroq bajarish uchun yuqori qiymatga rozi bo‘lsak, baribir bu mablag‘larni keyinchalik budjetdan qaytarishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli masala hozircha to‘xtatildi”, dedi u. Dastur kamida ikki yil davom etishini, loyiha hujjatlari tayyorlanib, ekspertizadan o‘tganini ma’lum qildi. Kanallarni betonlash 2027-2028 yillarga rejalashtirilgan.
Hujjatda ikki loyihaning umumiy dastlabki qiymati 220 million dollar etib belgilangan. Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi sug‘orish infratuzilmasini rekonstruksiya qilish uchun 160 million dollar, Qashqadaryo viloyati uchun esa 60 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qashqadaryo loyihasi uchun 2025 yilda mahalliy budjetdan 15 foizlik avans to‘loviga 120 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Vazirlik ishlarni belgilangan moliyalashtirish doirasida va sifatli bajarishni maqsad qilganini bildirdi.





