Yaponiyada ayrim avtomobil ehtiyot qismlari yetkazib beruvchilari Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining jahon bozoridagi kuchli raqobati fonida mudofaa sanoatiga yuzlanmoqda. Toyota uchun uzoq yillar butlovchi qismlar ishlab chiqargan Aster hozir elektr motorlarini AQShning harbiy texnologiyalar kompaniyasi Andurilning uchuvchisiz uchish apparatlari uchun yetkazib bermoqda. O’tgan yili mudofaa sohasiga kirgan kompaniya daromadining 10 foizini ayni yo’nalishdan olmoqda.
Aster bosh direktori Takenobu Hongo dronlar ishlab chiqarishni “ancha yaxshi biznes sohasi” deb atadi. Uning aytishicha, avtomobil sanoati uchun motor ishlab chiqarish kompaniya uchun hozir yetarlicha daromadli emas. Avtomobil motori qismlarini ishlab chiqaruvchi Kyowa Industrial ham raketa tizimlarida qo’llanadigan qismlar tayyorlaydi; mudofaa faoliyatining yillik savdodagi ulushi 2025 yil bahorida 3 foiz bo’lgan bo’lsa, hozir 10 foizga yetgan.
Bosh vazir Sanae Takaichi boshchiligidagi hukumat Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlar qarshisida mudofaa salohiyatini oshirishni maqsad qilgan. Hukumat yil oxirigacha yangi xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqishga va’da bergan. Strategiyada Ikkinchi jahon urushidagi mag’lubiyatdan keyin tugatilgan qurol-yarog’ sanoatini mustahkamlash bo’yicha yo’l xaritasi bo’lishi kutilmoqda. Mudofaa vazirligining Xaridlar, texnologiyalar va logistika agentligi avtomobil yetkazib beruvchilarining imkoniyatlarini baholamoqda, ularni qurol ishlab chiqaruvchilar bilan bog’lamoqda va moliyalashtirish imkoniyatlarini taklif qilmoqda.
Yaponiya Avtomobil Ishlab Chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko’ra, mamlakat zavodlarida 2025 yilda o’n yil avvalgiga nisbatan qariyb 900 mingta kam avtomobil ishlab chiqarilgan. Shunga qaramay, Yaponiya yiliga sakkiz milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqaradigan hamda jami bandlikning o’ndan birini ta’minlaydigan avtomobil sanoati bilan dunyodagi uchinchi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi bo’lib qolmoqda. Biroq mamlakatda dronlar ishlab chiqarish nihoyatda cheklangan: Tayvan Demokratiya, Jamiyat va Rivojlanayotgan Texnologiyalar Tadqiqot Instituti jamlagan savdo ma’lumotlariga ko’ra, Yaponiya o’tgan yili 1 ming 100 tadan sal ko’proq dron eksport qilgan, Tayvan esa qariyb 123 mingta dron sotgan.
Avtomobil sanoatining mudofaa yo’nalishiga o’tishi hozircha asosan kichik butlovchi qism ishlab chiqaruvchilari bilan cheklanmoqda. Toyota, Honda va Nissan mudofaa loyihalariga kirishga uncha moyil emasligi, Xitoydagi tijorat faoliyati hamda obro’ bilan bog’liq xatarlar sabab ehtiyotkorlik qilayotgani aytiladi. Mitsubishi Electric moliya direktori Kenichiro Fujimoto ayrim avtomobil qismlari ishlab chiqaruvchilari asosiy mijozlarining salbiy munosabatidan xavotirlanib, yangi harbiy dron loyihasida qatnashishni rad etganini bildirdi.





