Qozog‘iston meteorologiya xizmati Kazgidromet Toshkentda havo sifati yomonlashuvi Qozog‘iston hududidan chang ko‘chishi bilan bog‘liq ekani haqidagi xulosani tasdiqlamadi. Idora O‘zbekistonlik hamkasblarning qo‘shni mamlakatdan kelgan chang oqimlari poytaxtdagi havo sifati yomonlashuvining ehtimoliy sabablaridan biri bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi bayonoti o‘tkazilgan tahlilda o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qildi.
Kazgidromet mutaxassislari 15-22 noyabr kunlari Toshkent, Sariog‘och va Chimkent atrofidagi havo massalarining harakatini o‘rgandi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, bu davrda shamol ko‘pincha janubi-g‘arbdan, ya’ni Eron, Qizilqum cho‘li va O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy hududlari tomonidan esgan.
Meteorologlar AQSh Milliy okean va atmosfera boshqarmasi ishlab chiqqan HYSPLIT modelidan ham foydalandi. Kazgidromet ta’kidlashicha, hisob-kitoblar Qozog‘istondan O‘zbekiston poytaxtiga havo massalarining bevosita ko‘chishini ko‘rsatmagan.
Idora so‘nggi o‘n yilda Sariog‘och hududidan Toshkent tomonga havo harakati holatlarning atigi 3-5 foizida kuzatilganini ham bildirdi. Mutaxassislar fikricha, shu sababli Toshkentdagi PM10 va PM2.5 zarrachalari yuqori konsentratsiyasining manbai aynan Qozog‘iston hududi bo‘lganini aytishga hali erta. Kazgidromet transport, isitish, sanoat korxonalari va qurilish maydonlarini Toshkentdagi ifloslanishning ehtimoliy ichki manbalari qatoriga kiritdi. Avvalroq O‘zgidromet noqulay meteorologik sharoit sabab noyabrning so‘nggi kunlarida Toshkentda havo sifati yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.





