Voleybolni rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha yangi maqsadlar belgilandi

Hukumat qarori maktablarda ixtisoslashgan klublar tashkil etish, musobaqa o‘tkazish va Milliy voleybol ligasini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Hujjatda terma jamoaning FIVB reytingidagi o‘rnini yaxshilash maqsadi ham qayd etilgan.

O‘zbekistonda voleybolni rivojlantirish bo‘yicha hukumat qarori
Matn

Voleybol sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirishning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Qarorda voleybolni 2030 yilgacha rivojlantirish va ommalashtirishning asosiy maqsadlari belgilab berildi.

Ular qatorida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) reytingidagi o‘rnini yaxshilash hamda Osiyoning top-5 mamlakatlari qatoriga kiritish bor. Voleybolni ommalashtirish orqali ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini 1 mln nafarga yetkazish ham maqsad qilingan.

2026 yil 1 dekabrdan boshlab har bir tuman va shahardagi kamida bittadan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida voleybolga ixtisoslashgan sport klublari tashkil etiladi. Voleybol infratuzilmasiga ega barcha umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida 2026/2027 o‘quv yili yakuniga qadar voleybol to‘garaklari yo‘lga qo‘yiladi.

Voleybolga ixtisoslashgan klublar o‘rtasida 2026 yil 1 dekabrdan “Kelajak yulduzlari” voleybol musobaqasi o‘tkazib boriladi. O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tizimida Milliy voleybol ligasi ham tashkil qilinadi.

LIVEKunning xabarlari