Tashkent City balkonlaridan foydalanish bo‘yicha yangi talablar taklif qilindi

Tashkent City hududidagi binolar uchun ishlab chiqilgan loyiha balkonlarni yopish, ularda buyum saqlash va jihoz o‘rnatishga cheklovlar belgilaydi. Hujjat hozir jamoatchilik muhokamasida.

Tashkent City balkonlaridan foydalanish qoidalari loyihasi
Matn

Tashkent City hududidagi binolarni saqlash va ulardan foydalanish reglamenti loyihasida balkonlardan foydalanishga oid yangi talablar kiritilgan. Loyihaga ko‘ra, bino foydalanuvchilariga balkonlarni parda, jalyuzi, plyonka hamda boshqa materiallar bilan yopish taqiqlanishi mumkin. Balkonlarga kiyim-kechak va gilam osish, soyabon o‘rnatish hamda bu joylar konstruksiyasini mustaqil o‘zgartirishga ham ruxsat berilmaydi.

Hujjat balkonlarni qayta jihozlashni, jumladan, ularni oynalash va qo‘shimcha qoplamalar o‘rnatishni ham nazarda tutmaydi. Balkonlardan buyum saqlash joyi sifatida foydalanish cheklanadi: mebel, qutilar va qurilish materiallari kabi katta yoki og‘ir buyumlarni joylashtirish mumkin bo‘lmaydi. Bu maydonlarni to‘sib qo‘yish va ifloslantirish ham taqiqlanadi.

Loyihada maishiy buyumlarni joylashtirish tartibi alohida belgilangan. Balkonlarda kiyim-kechak, ichki kiyim, gilam va boshqa buyumlarni osishga ruxsat berilmaydi. Biroq polga qo‘yiladigan quritgichlardan foydalanish uchun istisno mavjud. Konditsionerning tashqi bloki faqat unga mo‘ljallangan joyga o‘rnatilishi kerak bo‘ladi, balkonning tashqi qismiga ilgich kronshteynlari, osma ushlagichlar, tortish moslamalari, gul qutilari uchun mahkamlagichlar va antennalar o‘rnatish ham taqiqlanadi.

Shu bilan birga, loyiha ayrim foydalanish usullariga ruxsat beradi. Masalan, gultuvaklarni balkon panjarasining ichki tomoniga qo‘yish mumkin bo‘ladi. Balkonlarga doir talablar fasadlar, tomlar va binolarning tashqi ko‘rinishiga bag‘ishlangan kengroq bo‘lim tarkibiga kiradi. Fasadlar ko‘zga tashlanadigan ifloslik va shikastlanishlarsiz saqlanishi, ularning rangini o‘zgartirish hamda ruxsatsiz tasvir, yozuv va e’lonlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi taklif etilgan.

Taklif qilinayotgan qoidalar Tashkent City chegarasidagi turar joy va noturar joy binolariga, shuningdek ularga tutash hududlarga tatbiq etiladi. Hudud Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘ida joylashgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, hali kuchga kirmagan.

LIVEKunning xabarlari