O‘zbekiston Superligasi 25-turining markaziy uchrashuvida Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi safarda Toshkentning «Paxtakor» klubi bilan bahslashdi. «Paxtakor» stadionida o‘tgan bahs «Neftchi»ning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 23-daqiqasida Dostonbek Hamdamov penaltini aniq amalga oshirib, mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Shundan so‘ng ikkinchi bo‘limda farg‘onaliklar tashabbusni qo‘lga oldi.
55-daqiqada Stipe Perica hisobni tenglashtirdi. Koffi Kouao 66-daqiqada «Neftchi»ni 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi, Jamshid Iskanderov esa 89-daqiqada penaltidan unumli foydalanib, yakuniy hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Bu g‘alabadan so‘ng «Neftchi» liga jadvalidagi peshqadamligini mustahkamladi. «Paxtakor» ikkinchi o‘rinda qoldi.
25-tur doirasidagi yana bir uchrashuvda «Buxoro» o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qildi. Hisob ochilmagan bahsdan keyin «Buxoro» ochkolarini 41 taga yetkazib, to‘rtinchi o‘rindagi mavqeini mustahkamladi. «Surxon» 29 ochko bilan 12-o‘rinni egallab turibdi.





