Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) mamlakatlarining Oʻzbekiston bilan tovar ayirboshlashi 2026 yil yanvar–iyul oylarida 11 mlrd dollardan oshdi. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YEOIK) ma’lumotiga ko‘ra, Oʻzbekiston ittifoqning YEOIIga a’zo bo‘lmagan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari bilan umumiy savdosining 66 foizini tashkil etdi.
YEOIK Hay’ati raisi Baqitjan Sagintayev Oʻzbekistonni YEOIIga kirmaydigan MDH davlatlari orasidagi asosiy savdo hamkori deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda tovar ayirboshlash 17,4 mlrd dollarga yetib, 2020 yilga nisbatan 1,8 baravar oshgan.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan bojxona ma’lumotlari almashinuvi bo‘yicha xalqaro kelishuv tayyorlanmoqda. Hujjat bojxona operatsiyalarini tezlashtirish, tovar oqimlari shaffofligini oshirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ishini yengillashtirishga qaratilgan. Tomonlar o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish ustida ham ishlamoqda hamda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasini amalga oshirmoqda.
Majburiy talablarni yaqinlashtirish tovarlarning YEOII va Oʻzbekiston bozorlariga chiqishini soddalashtirishi hamda biznes xarajatlarini kamaytirishi kutilmoqda. Sanoat va agrosanoat majmuasidagi kooperatsiya tashabbuslari bilan birga, ma’lumotlarni elektron almashish, yuk tashishni raqamlashtirish, raqamli xizmatlarni uyg‘unlashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha muloqotni kengaytirish masalalari ham muhokama qilinmoqda.
YEOIK va Oʻzbekiston hukumati o‘rtasidagi 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini amalga oshirish bu yil yakunlanadi. Ushbu masalalar 22 oktyabr kuni Toshkentda Sagintayevning Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarida muhokama qilindi. Oʻzbekiston 2020 yilda YEOII huzurida kuzatuvchi davlat maqomini olgan, YEOIK va Oʻzbekiston hukumati hamkorligi esa 2021 yilgi memorandumga asoslanadi.





