Biznesni roʻyxatga olish: dolzarb savollarga aniq javoblar

Oʻzbekistonda biznesni roʻyxatga olish jarayonida maʼlumotlarni yigʻish tartibi, asosiy faoliyat turini aniqlash va xodimlar haqidagi maʼlumotlarning maqsadi yuzasidan tushuntirish berildi.

Biznesni roʻyxatga olish jarayonida planshet orqali maʼlumot yigʻish
Matn

Oʻzbekistonda 2026 yil 15 oktyabrdan 30 noyabrgacha ilk bor biznesni roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilmoqda. Jarayonda maʼlumotlar iqtisodiy birliklarning tashkiliy-huquqiy shakliga qarab yuzma-yuz suhbat yoki onlayn shaklda yigʻiladi. Yuridik shaxslar faoliyat yuritayotgan manzilga roʻyxatga oluvchi xodimlar tashrif buyurib, subyektning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, amaldagi faoliyat manzili, faoliyat yoʻnalishi va aloqa maʼlumotlari kabi umumiy maʼlumotlarni planshet orqali soʻrovnomaga kiritadi.

Yuridik shaxslar iqtisodiy faoliyatga oid batafsil maʼlumotlarni hisobot.stat.uz (eStat 4.0) axborot tizimi orqali mustaqil ravishda onlayn taqdim etadi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, oilaviy tadbirkorlar, hunarmandlar va shu toifadagi boshqa iqtisodiy birliklar bo‘yicha maʼlumotlar roʻyxatga oluvchilar tomonidan planshetlar yordamida toʻliq yuzma-yuz suhbat asosida yigʻiladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar esa roʻyxatga olish soʻrovnomasini census.stat.uz axborot tizimi orqali mustaqil toʻldirishi mumkin.

Tadbirkor bir necha yoʻnalishda faoliyat yuritsa, uning barcha faoliyat turlari oʻrganiladi. Asosiy faoliyat eng koʻp qoʻshilgan qiymat yaratadigan yoʻnalish asosida belgilanadi. Qoʻshilgan qiymatni aniqlash imkoni boʻlmasa, eng yuqori aylanmaga ega faoliyat turi asosiy deb hisoblanadi. Korxonalarda ishlayotgan chet el fuqarolari haqidagi maʼlumotlar ham oʻrganiladi. Bunday xodimlar mavjud boʻlsa, ularning 2025 yildagi oʻrtacha soni ko‘rsatiladi.

Davlat idoralarida mavjud maʼlumotlar korxonaning amaldagi faoliyatini har doim ham toʻliq aks ettirmasligi mumkinligi qayd etildi. Shu bois roʻyxatga olish davomida iqtisodiy birliklarning haqiqiy faoliyat holati, bandlik darajasi va asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlari aniqlashtiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari ham tadbir qamroviga kiradi: xizmatlar ko‘rsatish va boshqa iqtisodiy faoliyatdan tushgan mablagʻlar inobatga olinadi, davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalar hamda boshqa moliyalashtirish mablagʻlari esa iqtisodiy faoliyatdan olingan tushum sifatida hisobga olinmaydi.

Hokim yordamchilari o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda korxona va tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda boshqa iqtisodiy birliklarni yuzma-yuz soʻrov asosida roʻyxatga olishda ishtirok etadi. Ular, shuningdek, mahallada roʻyxatdan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birliklarni qamrab olishga ham jalb etiladi. Rasmiy va norasmiy xodimlar soni haqidagi maʼlumotlar tarmoqlardagi bandlikni, biznes subyektlari faoliyati ko‘lamini va mehnat bozoridagi holatni baholash uchun yigʻiladi. Bu maʼlumotlar nazorat yoki mehnat tekshiruvlari uchun emas, ishonchli va umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish uchun moʻljallangan.

Jarayonda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan savollarga javob berish uchun 1851 qisqa raqamli call-markaz ham yoʻlga qoʻyilgan.

LIVEKunning xabarlari