O‘zbekistonlik chorvadorlar Xitoyda sut fermalari texnologiyalarini o‘rgandi

Davron Vahabov boshchiligidagi delegatsiya Vuchjun shahrida chorvachilikni avtomatlashtirish va nasldor qoramol yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Tashrifda sun’iy intellekt asosidagi boshqaruv tizimlariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonlik chorvadorlarning Xitoydagi sut korxonasiga tashrifi
Matn

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lum qilishicha, Davron Vahabov boshchiligidagi o‘zbekistonlik chorvadorlar delegatsiyasi Xitoydagi sut chorvachiligi korxonalarining texnologiyalari hamda nasldor qoramol yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Delegatsiya Ninsya-Xuy avtonom rayonining Vuchjun shahridagi Wuzhong Dairy Industry Co., Ltd. kompaniyasiga tashrif buyurdi.

Fermerlar korxonada chorvachilikda sun’iy intellekt va robotlashtirilgan tizimlardan foydalanish bilan tanishdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, uning ishlab chiqarish tizimi 160 ming bosh yirik shoxli qoramolni qamrab oladi. Korxona va u bilan bog‘liq xo‘jaliklarda kuniga qariyb 3 ming tonna sut ishlab chiqariladi, bitta sog‘in sigirdan o‘rtacha kuniga 40 litr sut olinadi.

Hayvonlarni oziqlantirish uchun individual hisob-kitoblar qo‘llanadi. Har bir bosh uchun kuniga o‘rtacha 50–55 kilogramm ozuqa sarflanadi, ratsion esa hayvonning holati va mahsuldorligiga qarab o‘zgartiriladi. Sun’iy intellekt yordamida har bir hayvonning sog‘lig‘i, oziqlanishi va mahsuldorligi kuzatib boriladi, robotlar ozuqa tarqatadi. Haroratni boshqarish, sog‘ish, sutni sovitish va saqlash jarayonlari ham avtomatlashtirilgan.

Palata ma’lumotiga ko‘ra, korxona faoliyati davlat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi. Bu ko‘mak zamonaviy infratuzilmani yaratish va texnologik yechimlarni joriy etishga imkon bergan. Delegatsiya a’zolari bunday texnologiyalarni mahalliy sharoitda qo‘llash, zamonaviy sut majmualarini tashkil etish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy qilish masalalarini muhokama qildi.

Delegatsiya Vuchjun shahridagi Ningxia Xingniu Rui International Trade Co., Ltd. kompaniyasiga ham bordi. Kompaniya vakillari nasldor yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish, yuqori mahsuldor zotlarni yetishtirish va hayvonlarni xorijiy bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar kompaniyaning nasldor mahsulotlari, eksport tajribasi va O‘zbekistonga qoramol yetkazib berish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Uchrashuvda savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, nasldor hayvonlar yetkazib berish va keyingi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Delegatsiyaning Xitoy bo‘ylab safari 21 noyabrgacha davom etadi.

LIVEKunning xabarlari