O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19 noyabrdagi matbuot anjumanida suv boshqaruvida infratuzilma loyihalari va qo‘shni davlatlar bilan muvofiqlashtirish birgalikda olib borilayotganini aytdi. Unda Xitoy krediti hisobidan kanallarni betonlash loyihalari, Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanalining Amudaryoga mumkin bo‘lgan ta’siri, Qirg‘izistondagi To‘xtag‘ul suv ombori bo‘yicha elektr-suv muvozanati hamda Buxoroda ochilishi rejalashtirilgan 100 ming gektar yerning sug‘orilishi muhokama qilindi.
Hamroyevning aytishicha, Xitoy krediti doirasida kanallarni betonlash bo‘yicha ikkita loyiha ishlab chiqilmoqda. Ulardan biri Qashqadaryodagi kanallarni, ikkinchisi Buxoro, Surxondaryo va Namangandagi kanallarni qamrab oladi. Kredit shartlariga ko‘ra, pudratchi Xitoy tomoni ko‘rsatgan kompaniyalar orasidan tanlanadi, biroq taklif qilingan narxlar kutilganidan yuqori bo‘lgan. O‘zbekiston tomoni belgilangan byudjet doirasida qolish uchun narxlarni pasaytirish yuzasidan muzokara olib bormoqda.
Vazir Sinohydro bilan muzokaralar davom etayotganini, kompaniya yakuniy baholash uchun 1 dekabrgacha muddat so‘raganini bildirdi. Loyiha qiymati tender jarayoni yakunlangandan keyin e’lon qilinadi. Hamroyev avval parlamentdagi hukumat soatida dastlabki muzokaralarda bildirilgan narxlar hisoblangan darajadan ikki baravardan ko‘proq ekanini, CITICning keyingi taklifi esa rejalashtirilganidan 20 foiz yuqori bo‘lganini aytgan edi.
Qo‘shtepa kanali yuzasidan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqalar davom etayotganini aytgan Hamroyev, Afg‘oniston Amudaryodan suv olish huquqiga egaligini ta’kidladi. Olinadigan suv miqdori va boshqa masalalar kanal qurilishi tugagach, kelishuvlar orqali tartibga solinishini qayd etdi. Vazir kanal hozir Amudaryodan suv olmayotganini va 2030 yilgacha suv olmasligi aniq ekanini bildirdi. Afg‘on tomoni hisoblariga ko‘ra, suv serob yillarda kanal orqali qariyb 10 milliard kub metr, suv kam yillarda esa qariyb 6 milliard kub metr suv olinishi mumkin. Hamroyev suv kam bo‘lgan davrlarda quyi oqimdagi dehqonlar ehtiyojlari inobatga olinishi, suv hajmlari bo‘yicha alohida muzokara o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.
To‘xtag‘ul suv ombori masalasida vazir elektr energiyasi va suv muvozanatiga asoslangan mexanizmni tushuntirdi. Qirg‘izistonda elektr ishlab chiqarish uchun suv omboridan suv chiqarilishi, O‘zbekistonga esa ayniqsa yozgi sug‘orish mavsumida suv kerakligi bildirildi. O‘zbekiston ayrim davrlarda Qirg‘izistonga elektr yetkazib berganida, yoz uchun omborda ko‘proq suv saqlanishi mumkinligi, bu elektr keyinchalik qaytarib olinishi aytildi. Hamroyev 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi taxminan 1,2–1,3 milliard kub metr suvga to‘g‘ri kelishini, biroq bu nisbat ombordagi suv sathiga qarab o‘zgarishini qo‘shimcha qildi. 2026 yilda Qirg‘izistonga amalda qancha elektr berilgani va qaytarib olingani, shuningdek O‘zbekistonga qancha suv yetib kelgani bo‘yicha aniq raqamlar ochiqlanmadi.
Buxoroda rejalashtirilgan 100 ming gektar yangi qishloq xo‘jaligi yeriga Xitoyning Lihua kompaniyasi ariza berganini ma’lum qilgan Hamroyev, maydonlar kamida uch yil davomida bosqichma-bosqich ishga tushirilishi mumkinligini aytdi. Suv manbalari sifatida Shimoliy Buxoro kollektorini, yer osti suvlarini, drenaj kanallarini va mavjud kanallardan olinadigan suvni sanadi. Vazir Buxoroga yoki boshqa hududga qo‘shimcha suv berilmasligini, yangi yerlar to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimida foydalanilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud tarmoqlarni tartibga keltirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali sug‘orish yo‘lga qo‘yiladi. Kanallarni betonlash va dalalarda suv tejovchi texnologiyalar hisobiga yiliga taxminan 5 milliard kub metrdan suv tejalayotgani, barcha choralar natijasida 2026 yilda qariyb 11 milliard kub metr tejalishiga erishilgani bildirildi. Mustaqillikdan oldin mamlakat yiliga o‘rtacha 64 milliard kub metr suv olgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 51–52 milliard kub metrni tashkil etadi.





