Parkentga temir yo‘l qurilishi 535,4 mlrd so‘mga tushdi

Toshkent-Parkent yo‘nalishida sentabrdan qatnay boshlagan olti vagonli EP3D elektr poyezdi uchun yana 124 mlrd so‘m sarflandi. Baytkurgan-Parkent tarmog‘i 24 kilometrli, bir yo‘lli va to‘liq elektrlashtirilgan yo‘ldir.

Toshkent-Parkent yo‘nalishidagi EP3D elektr poyezdi
Matn

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkentga elektr poyezdida safar qildi. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Baytkurgan-Parkent temir yo‘l tarmog‘ini qurish ishlari 535,4 mlrd so‘mga tushdi. Bu Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha 44,7 mln dollarga teng.

Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq 2025-yil yanvarida boshlangan qurilish 14 oydan ortiq davom etdi va joriy yil aprelida yakunlandi. Uzunligi 24 kilometr bo‘lgan bir yo‘lli tarmoq to‘liq elektrlashtirildi. Loyiha doirasida yangi stansiya, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘li ustidan o‘tuvchi yo‘l o‘tkazgich, 16 ta kesishma hamda 77 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Toshkent-Parkent yo‘nalishida sentabr oyidan olti vagonli EP3D elektr poyezdi qatnay boshladi. Qiymati 124 mlrd so‘m bo‘lgan poyezd 586 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi va soatiga 120 kilometr tezlikka chiqadi. Tarmoq ishga tushirilishi 40 ta ish o‘rni yaratishga imkon berdi.

Poyezdda iqlim nazorati, qurilmalarni quvvatlash uchun USB portlar va bepul Wi‑Fi mavjud. Vagonlar velosipedlarni mahkamlash moslamalari, ko‘tarish qurilmalari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan o‘rinlar bilan jihozlangan. Xavfsizlik uchun videokuzatuv va to‘qnashuvdagi zarbani yutish tizimlari nazarda tutilgan. Tarkib kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yo‘lovchi tashishi mumkin. Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, u taksida safar qilishning o‘rtacha narxidan 2,5 baravar arzon ekani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, yerlarni oqilona ishlatish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkoniyatlariga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va qazib chiqarish tarmoqlarining salohiyatini kamida ikki baravar oshirish mumkin.

LIVEKunning xabarlari