Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida turizm sohasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirkorlar bilan uchrashuvda barcha poyezdlar hamda ichki aviaqatnovlar jadvalini qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berdi. Jadval aholi va sayyohlar ehtiyojiga moslashtirilishi uchun bir oy muddat belgilandi.
Yangi turistik majmualarga qulay yetib borish va ulardan qulay qaytishni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Amaldagi qatnov jadvali qisqa muddatga keladigan mehmonlarga ayrim yo‘nalishlarda sayyohlik faoliyati uchun yetarli vaqt bermayotgani misollar bilan ko‘rsatildi. Toshkent–Chinorkent elektr poyezdi jadvali sabab qisqa muddatli tashrif buyuruvchilarda Chorvoqda sayyohlik faoliyati uchun atigi 4 soat qoladi.
Toshkent va Shahrisabz o‘rtasida qatnaydigan yuqori tezlikdagi Afrosiyob poyezdi faqat yakshanba kuni harakatlanadi. Uning jadvali sayyohlarga diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish uchun 5 soat ajratadi.
Uchrashuvda havo turizmi va kichik aviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Prezident Samarqand, Buxoro va Xorazmdagi tarixiy yodgorliklar, Boysun, Samsarak hamda Aydarko‘ldagi turistik hududlar ustida havo sharlarida, paraplanda va deltaplanda parvozlarni tashkil etish mumkinligini aytdi.
O‘zbekistonda kichik aviatsiya xizmatlari uchun ruxsatnoma qiymati qariyb 300 million so‘m ekani bildirildi. Taqqoslash uchun, Turkiyada to‘lov 13 million so‘m ekvivalentiga, Dubayda 10 million so‘mga teng, Misrda esa bunday to‘lov undirilmaydi. Prezident kichik aviatsiyani rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqishni hamda 2027-yildan boshlab har bir hududning kamida bitta manzilida aholi va sayyohlar uchun havo shari va deltaplan xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni topshirdi.





