Afg‘oniston barpo etilayotgan Qo‘shtepa kanali orqali Amudaryodan to‘liq hajmda suv olishni kamida 2030 yilgacha kechiktiradi. Kanal qurilishi tugaganidan keyin tomonlar afg‘on tomoni oladigan suv miqdorlarini kelishib olishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent va Kobul muzokaralarni davom ettirayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amudaryodan O‘zbekistonga kelayotgan suv hajmining hozirgi kamayishi Qo‘shtepa kanali bilan bog‘liq emas, chunki kanal hali daryodan suv olayotgani yo‘q.
“Qo‘shtepa hozircha bir chelak ham suv olmadi.”
Hamrayev afg‘on tomonining dastlabki hisob-kitoblarini keltirdi: suvi ko‘p yillarda kanal orqali qariyb 10 milliard kub metr, suvi kam yillarda esa 6 milliard kub metr suv olinishi mumkin. Bu hajmlar hali kelishilmagan. Vazir suv sathi past bo‘ladigan yillarda tomonlar suv olishni qisqartirish masalasini muhokama qilishi mumkinligini, xususan, Afg‘onistonga suv olishni 4–6 milliard kub metr bilan cheklash taklif etilishi ehtimolini bildirdi.
Vazir kanal rejalashtirilgan 500–600 ming gektar yerning barchasini sug‘ora olishiga ham shubha bildirdi. Uning baholashicha, suv o‘z oqimi bilan faqat 200–250 ming gektarga yetib boradi, qolgan hududlar uchun nasos stansiyalari kerak bo‘ladi. Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali qurilishi 2022 yilda boshlangan, loyihadagi uzunligi qariyb 285 kilometrni tashkil etadi. Yozda Yevrosiyo taraqqiyot banki Qo‘shtepa kanali masalasini Markaziy Osiyodagi butun suv xo‘jaligini modernizatsiya qilishdan alohida ko‘rib bo‘lmasligini bildirgan edi.





