23 noyabrdan Toshkent va Toshkent viloyatining unga tutash hududlari o‘rtasida 158-sonli yangi avtobus yo‘nalishi qatnay boshladi. “Kensay massivi – Yunusobod universami” yo‘nalishi chekka hududlar aholisining poytaxtga kundalik qatnovini yengillashtirishi ko‘zda tutilgan.
Avtobuslar Kensay massividan yo‘lga chiqib, “Yunusobod universami” bekatigacha harakatlanadi. Ular yo‘l davomida Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet, “Rahbar ota” masjidi, 23-sonli oilaviy poliklinika, “Uch Qahramon” posti va 271-sonli maktab yonidan o‘tadi.
Yo‘nalishda Ziyotrans MChJ tomonidan taqdim etilgan 10 ta o‘rta sig‘imli avtobus ishlamoqda. Toshkent transport boshqarmasi yangi yo‘nalish shahar va unga tutash tumanlar o‘rtasidagi qatnovni yaxshilash, jamoat transporti qamrovini kengaytirish hamda safarlarni qulayroq qilishga xizmat qilishini ma’lum qildi.
Biroq qatnov jadvali, avtobuslar harakat oralig‘i, shuningdek birinchi va oxirgi reyslar vaqti hozircha e’lon qilinmagan. Avvalroq Toshkent aholisi yangi avtobuslardagi qoraytirilgan oynalar va nosoz elektron tablolardan shikoyat qilgan edi. Yo‘lovchilar kechqurun va bulutli ob-havoda oynalarning qoraytirilgani ko‘chalarda mo‘ljal olishni qiyinlashtirishi, ishlamaydigan tablolar esa kerakli bekatni o‘z vaqtida aniqlashga xalal berishini aytgan.





