Toshkent delegatsiyasi Sietlda sarmoya va texnologik hamkorlikni muhokama qildi

Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya Sietldagi uchrashuvlarda shahar loyihalariga sarmoya jalb etish, texnologik hamkorlik va madaniy aloqalar masalalarini ko‘rib chiqdi. Muloqotlarda kiberxavfsizlik hamda vatandoshlar uchun onlayn platforma bo‘yicha takliflar ham bildirildi.

Shavkat Umurzakov boshchiligidagi Toshkent delegatsiyasining Sietldagi uchrashuvlari
Matn

Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya Sietlda sarmoyaviy loyihalar, texnologik va madaniy hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi. Toshkent hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda shahar loyihalariga sarmoya kiritish imkoniyatlari va turli sohalardagi qo‘shma ish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Rainier Club’da Greater Seattle Partners prezidenti va ijrochi direktori Shannon Braddock hamda qariyb 20 kompaniya vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi, takliflar almashildi va biznesning shahar loyihalaridagi ishtiroki istiqbollari muhokama etildi.

Delegatsiya Amazon Web Services (AWS) vakillari bilan ham hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, qo‘shma ishlarning keyingi qadamlarini belgiladi. Sietl xalqaro kinofestivali (SIFF) badiiy rahbari Beth Barrett bilan uchrashuvda yirik kinofestivallarni tashkil etish tajribasi, kasbiy almashinuv imkoniyatlari va Toshkentdagi festival sohasini rivojlantirish uchun mutaxassislarni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Sietl — Toshkent” qardosh shaharlar assotsiatsiyasi rahbariyati bilan alohida uchrashuvda shaharlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuvni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Delegatsiya, shuningdek, Vashington shtatida yashayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi. Ular o‘z faoliyati va kasbiy tajribasi haqida so‘zlab, Toshkent va O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni taqdim etdi.

Muhokamalarda tibbiyot va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish takliflari ham yangradi. Aziza Mirsaidova shaxsiy ma’lumotlarni saqlash standartlarini joriy etish bo‘yicha yechimlarni taqdim etdi va kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. U axborot sizib chiqishining oldini olish, kiberhujumlardan himoyalanish hamda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar xavfsizligini alohida qayd etdi. Uchrashuvning 17 yoshli ishtirokchisi Yasmina vatandoshlar muloqoti va o‘zaro tanishuvi uchun yagona onlayn platforma yaratishni taklif etdi; uning fikricha, bu resurs foydalanuvchilarga o‘zbek madaniyati haqida ko‘proq ma’lumot olishga ham yordam berishi kerak. Umumiy muhokamadan keyin delegatsiya ishtirokchilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdi, unda g‘oyalar va keyingi hamkorlik yo‘nalishlari maxsus anketalarda bayon qilindi.

LIVEKunning xabarlari