Toshkent va Parkent o‘rtasida elektr poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Yangi yo‘nalish transport aloqalarini yaxshilashi, aholi uchun safarlarni qulaylashtirishi hamda tumanda turizm rivojini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrifi davomida yangi yo‘nalishdan foydalandi.
Temir yo‘l qatnovi uzunligi 24 kilometr bo‘lgan yangi elektrlashtirilgan Baytkurgan–Parkent liniyasi qurilishi hisobiga mumkin bo‘ldi. Loyiha doirasida yangi stansiya, ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgich, suv o‘tkazish inshootlari va kesishmalar ham barpo etildi. Loyihani amalga oshirishga 535,4 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Toshkent–Parkent yo‘nalishida elektr poyezd harakati joriy yilning sentabrida boshlandi. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 57,6 kilometrni tashkil etadi. Unda 586 yo‘lovchiga mo‘ljallangan olti vagonli “ЭП3Д” elektr poyezdi qatnaydi. Poyezdning eng yuqori tezligi soatiga 120 kilometrga yetadi, Toshkentdan Parkentgacha yo‘l esa 1 soat 13 daqiqa davom etadi. Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu summa shu yo‘nalishdagi taksida o‘rtacha safar narxidan qariyb 2,5 baravar arzon. Yangi yo‘nalish kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa qariyb 300 ming yo‘lovchini tashishi kutilmoqda. Vagonlar konditsionerlar, qurilmalarni quvvatlantirish uchun USB ulagichlari va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus joylar va ko‘tarish moslamalari, velosipedchilar uchun esa velosipedlarni tashishga mo‘ljallangan mahkamlagichlar o‘rnatilgan. Elektron tablolar va videokuzatuv tizimlari ham mavjud.
Mirziyoyev safar davomida Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Yer maydonlaridan samaraliroq foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati salohiyatini kamida ikki baravar oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident yangi Parkent stansiyasini ko‘zdan kechirib, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, vokzallardagi xizmat va yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, tashishlar samaradorligini oshirish hamda temir yo‘l bo‘ylab hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Parkent tumaniga tashrif doirasida Kumushkon turizm hududidagi yangi turizm loyihalari bilan ham tanishildi.





