Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston — Turkiya Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yigʻilishida turkiyalik investorlar uchun qator hamkorlik takliflarini ilgari surdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, davlat rahbari Turkiya bilan strategik sheriklikni izchil rivojlantirish belgilangan iqtisodiy maqsadlarga erishishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Mirziyoyev 2017-yildan buyon Oʻzbekiston iqtisodiyoti faol oʻsayotgani va 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb etilganini qayd etdi. 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotni 300 milliard dollarga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini ikki baravar oshirish hamda yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushini uning umumiy hajmining uchdan biriga yetkazish maqsad qilingan.
Kelgusi yillarda oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga, kumushni 500 tonnaga va misni 500 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energetika quvvatlarini 25 GVtga kengaytirish, uning elektr energiyasi umumiy ishlab chiqarishidagi ulushini esa 54 foizga yetkazish vazifasi ham qoʻyilgan. Prezident turk kompaniyalarini togʻ-kon sanoati, mineral resurslarni qayta ishlash va yashil energetikadagi qoʻshma loyihalarda qatnashishga taklif qildi, shuningdek atom elektr stansiyalari qurilishi uchun materiallar ishlab chiqarish imkoniyatini qayd etdi.
Elektrotexnika sanoati Oʻzbekiston va Turkiya hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb belgilandi. Bu sohaga 2030-yilgacha 11,6 milliard dollar investitsiya jalb qilish va elektr jihozlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Turkiyalik investorlar mahalliy hamkorlar bilan misni chuqur qayta ishlash, elektronika, maishiy texnika va transformatorlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga taklif etildi.
Yirik infratuzilma loyihalari, jumladan Yangi Toshkent qurilishi ham hamkorlikning muhim yoʻnalishi sifatida ko‘rsatildi. Turk kompaniyalari uy-joy va tijorat majmualari, mehmonxonalar, taʼlim hamda tibbiyot muassasalarini barpo etishda ishtirok etishga taklif qilindi. Pulli avtomobil yoʻllari, aeroportlar va logistika markazlari qurilishi istiqbolli sohalar qatoriga kiritildi. Qishloq xoʻjaligida esa turk tajribasi asosida qishloq xoʻjaligi texnikasi va oʻgʻitlar ishlab chiqarish, issiqxonalar, bogʻlar va sovutkichli omborlarni tashkil etish bo‘yicha qoʻshma tashabbuslar taklif qilindi.





